“AVLIYO BALIQ”LAR HAQIDA NIMALARNI BILASIZ?

Nurota ziyoratgohi tarixi

  Nurota me’moriy majmuasining tarixi qadim davrlarga borib taqaladi. X asrlardayoq bu yerda jome’ masjidi, ko‘plab rabotlar va muqaddas ziyoratgohlar mavjud bo‘lgan. Har yili Buxoro va boshqa joylarning aholisi bu yerga ziyorat qilgani kelib turgan. Nurni boshqa viloyatdagilar Buxoro Nuri deb atashgan. Zero, bu maskanda xalq qalbiga iymon-e’tiqod, ma’rifat nurini singdirishga xizmat qilgan ulug‘ allomalar yashab o‘tgan. Buxorolik tarixchi Narshaxiy o‘z asarlarida shunday axborot beradi: “Nur (Nurota) ziyoratiga borgan kishi haj qilgan kishi fazilatiga ega bo‘ladi… u yerda ko‘plab tobeinlarning qabri bor”.

   1220-yilning boshlarida Nurotaga Buxoroga intilayotgan Chingizxon qo‘shini kirib kelgan. Bu qo‘shin shahar devorlari yonida shu qadar favqulodda paydo bo‘lganki, aholi tun qorong‘usida mo‘g‘ullarni olisdan kelayotgan karvon deb o‘ylagan. Keyingi davrlarda ham Nur Buxoroning darvozasi bo‘lib qolavergan.


    Hozirga qadar saqlanib qolgan qadimiy binolardan biri Panj Baxt masjid xonasidir. U XVI asrda tiklangan bo‘lib, bir necha bor kengay tirilgan. Uning ikki tomonida XIX asrning o‘rtalarida masjidga taqab qurilgan ayvonlar joylashgan. Ikkinchi bino garchi hammasi bo‘lib 16 ta ustun bo‘lsa ham mahalliy aholi “Chilustun” (Qirqustun) deb ataydigan jome’ masjididir. U 25 ta kichik gumbaz bilan qoplangan. Masjid XVI asrda qurilgan, lekin uning ustki qismidan faqatgina tosh poydevor saqlanib qolgan, xolos. Peshtoqdagi yozuvning guvohlik berishicha, 1321-, 1903-1904-yillarda ulkan ta’mirlash ishlari o‘tkazilgan. Majmuaning kompaktsion yechimida hovuzga katta e’tibor berilgan. Egri-bugri shakldagi bu chuqur hovuzning chor-atrofiga yog‘och yo‘lak yotqizilgan. Hovuzga zinapoyalar orqali tushilgan.

   Nurota Buxoro amirligi davrida…

     XX asrga qadar Nurota Buxoro amirligi tomonidan tayinlovchi bek o‘tiradigan suv chegarasidan iborat qudratli qal’adan iborat savdo-hunarmandchilik shahri bo‘lgan. Shahar darvozasidan boshlanadigan asosiy yo‘l bo‘ylab yopiq bozor, savdo va hunarmandchilik rastalari qad ko‘targan. Savdogarlar o‘z mollari bilan kelib tushadigan ko‘plab karvonsaroylarning darvozalari ham ana shu yo‘lga qarab ochilgan. Bu karvonsaroylarda g‘alla, quritilgan meva, qorako‘lteri, to‘qimachilik mahsulotlari, poyabzal, chorva mollari va boshqalarning ulgurji savdosi olib borilgan. Shahar hududi zich qilib qurilgan. 4 qismdan iborat bo‘lib, ularning har biri guzarlardan tashkil topgan. Har bir guzarda har kunlik 5 vaqt namoz ado etiladigan masjidlar joylashgan. Ba’zi katta guzarda bunday masjiddan ikkita bo‘lgan.

Nurota chashmasi

     Nurota chashmasining sirli jihatiga bu yerning tabiiy o‘rni va buloqning shifobaxsh xususiyatlari ham sabab bo‘lgan. Shuningdek, chashma suvi tarkibidagi fosfor moddasi suvning va baliqlarning tovlanib turishini ta’minlab, jozibali ko‘rinish paydo qiladi.

      Nurota chashmasining suvi minglab kilometr yer osti yo‘laklaridan soniyasiga 290 litr miqdorida oqib chiqadi. Chashma suvi qishin-yozin bir xil — 19,5 daraja iliq bo‘ladi.

     Ming yillar davomida oqib turgan chashmaning muzlashi hech kuzatilmagan, u minerallashgan yumshoq ichimlik suvidir. Aniqlanishicha, mazkur suvning tarkibida oltin moddasi bor, u oshqozon-ichak xastaliklariga davo. Suvdagi yod moddasi buqoq kasalligiga, noyob brom moddasi esa asab kasalliklariga shifo ekanligi qadimdan ma’lum. Uning tarkibidagi kumush eritmasi esa suv tarkibi yaxshi saqlanishini ta’minlaydi.

Chashma suvining 80 foizi yer qa’ridan chiqib tursa, qolgan 20 foizi yer osti yo‘laklaridan va quduq tomonidan kelib butun shaharga hayot baxsh etadi. Mazkur chashmadan tarixda eng ko‘pi soniyasiga 460 litrgacha suv chiqqan bo‘lsa, qurg‘oqchilik yillari eng kami soniyasiga 180 litr suv chiqqan.

Nurota chashmasi baliqlari

    Muqaddas chashma suvidan bugungi kunda ko‘plab ziyoratchilar va chet eldan kelgan sayyohlar ham olib ketadilar.


     Nurota chashmasining baliqlari tog‘ daryolarida uchraydi, fan tilida sut baliq, ya’ni daryo marinkasi deb ataladi. Mazkur baliqlar o‘rtacha 17 yil yashab, umri davomida chashma suvi chiqadigan ariqchalarni qumlardan tozalaydi, suvning mo‘tadil kelishini ta’minlab, hatto uni filtrlab beradi.

    Qizig‘i shundaki, baliqlar hech qanday tashqi ozuqasiz, suv tarkibidagi mikrorganizmlar va minerallardan oziqlanib yashayveradi. Shu bois, o‘tmishda ba’zilar ularni “avliyo baliq” deb ham atashgan.

Mahalliy aholining ta’kidlashicha, o‘tgan asr boshlarida rus askarlarining o‘limiga ham aynan shu baliq iste’moli sabab bo‘lgan. Ogohlantirishga qaramay, ular “avliyo baliq”dan ovlab yeyishgan va shu zahoti vafot etishgan.

Rostan ham bu baliqlarni iste’mol qilib bo‘lmaydi, chunki ularning ichida qora pardasi bo‘lib, uvildirig‘I zaharli, uni tozalamasdan iste’mol qilgan odamning terisida dog‘lar paydo bo‘ladi, ko‘proq iste’mol qilsa, o‘limga olib keladi.

    Nurota ziyoratgohi bugungi kunga kelib obod qilingan, uning yonida xiyobon, favvoralar, yam-yashil daraxtzor-u gulzorlar barpo etilgan. Sir-asrorlarga to‘la Nurota chashmasidan xorijlik sayyohlar va yurtdoshlarimizning qadami uzilmaydi.

Mahfuza PO‘LATOVA tayyorladi


Fikr bildiring

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив